Deprecated: preg_replace(): The /e modifier is deprecated, use preg_replace_callback instead in /home/davam/public_html/engine/modules/show.full.php on line 292 davam.az - BÜTÖV AZƏRBAYCAN ADINA! > Çap səhifəsi > Sochini Erkin Vohidov olgan yigit afsuski, uning duosini olishga ulgurmadi
davam.az - BÜTÖV AZƏRBAYCAN ADINA! > Müsahibə > Sochini Erkin Vohidov olgan yigit afsuski, uning duosini olishga ulgurmadi

Sochini Erkin Vohidov olgan yigit afsuski, uning duosini olishga ulgurmadi


Uchinchi farzandimiz Behzodjon tugʻilganda ota-onam: “Qizim, ikkita bolangning qorin sochiga aralashmadik. Qaynonang, qaynotangga qoʻyib berdik. Biz shoir Erkin Vohidovni boshqacha hurmat qilamiz. Juda nurli, saxovatli odam. Agar imkoni boʻlsa chaqaloqning qorin sochini shu insonga oldirsang”, deb qolishdi. Ota-onamning gapini yerda qoldirmadik. Erkin akani qidirdik. Lekin goho topolmadim, goho u kishining vaqtlari boʻlmadi. Bola bir yoshdan oshdi. Xullas, ayni yoz faslining issiq kunida, bolamning qorin sochi oʻsib yelkasiga tushganda yana qoʻngʻiroq qildim. Shoirning ayoli Gulchehra opa ovozimni tanib sevinchdan qichqirib yubordilar:

– Guljahon, biz Erkin aka bilan ertaga dam olishga ketamiz. Iloji boʻlsa ertaga tongda bolani olib kelinglar, – dedilar.

Sevinchim ichimga sigʻmay ketdi. Erkin akaga qishlogʻimiz udumi boʻyicha oqlik xarid qildim. Ishlatilmagan qaychi sotib oldik. Menimcha tuni bilan uxlamadik. Bolalar ham anchagacha gubirdab yurishdi. Oʻz qoʻllarim bilan shirin pechenyelar pishirdim.

– Ayajon, kutubxonamizda sheʼr kitoblari bor Erkin Vohidovnikiga boramizmi? – soʻradi toʻngʻich oʻgʻlimiz Baxtiyorjon.

Uning hayrat bilan boqib turgan koʻzlaridan oʻpdim. Mehr bilan bagʻrimga bosdim.

– Shunday oʻgʻlim. Mashhur shoir Erkin Vohidovnikiga boramiz, – dedim suyinib.

Baxtiyorjon Behzodjonni erkalab qoʻydi.

– Voy, Bekcha sochingni mashhur shoir olib qoʻyar ekan. Zoʻr, – dedi u.

Qulupnay koʻylagida u yoqdan bu yoqqa pildirab yurgan qizim Gulmiraxon soʻrab qoldi:

– Ayajon, akam bilan mening sochimni kim olgan?

Men suyunib kulib yubordim.

– Ikkalangiz ham Qarshi shahrida tugʻilgansizlar. Maʼmura buving Xoʻjai Jarroh ota qabristonining eshonini chaqirtirganlar. Ana shu eshon bobo duolar aytib qorin sochingizni olib qoʻygan, – deyman.

– Xoʻjai Jarroh ham mashhurmi? – yana soʻraydi Baxtiyor.

Men uning ziyrakligidan boshimni hayratlanib saraklataman:

–Albatta, judayam mashhur, – deyman.

Tong otishiyam qiyin boʻldi. Ertasi sahar payti Erkin aka yashaydigan Huvaydo mahallasiga oʻgʻillarim Baxtiyorjon, Behzodjon, qizim Gulmiraxon bilan kirib bordik. Shoirning uyini oson topdik. Hovlining och koʻkish darvozasining qoʻsh tabaqasi ham ochiq, ichkariyu tashqarilar chinniyu chiroq qilib supurilgan, darvozaxona bolaxonali boʻlib fayzli edi. Bizni yuzlaridan nur tomib turadigan, gʻoyatda chiroyli Gulchehra opa kutib oldilar. U kishi bilan koʻrishib-surashgach hovliga kirdik. Hovli oʻrtasidagi chorpoyaga toza duxoba koʻrpachalar toʻshalib, dasturxon solingan ekan. Koʻp oʻtmay yelkalariga chopon tashlab salobat bilan Erkin aka chiqib keldilar. Birga choy ichdik.

– Bolangizni oʻylab tashvishda edim, Guljahon. Bugun soat oʻnda Gulchehra opangiz bilan dam olishga uchib ketamiz. Telefon qilganingiz yaxshi boʻlibdi, – dedilar Erkin aka.

Va Behzodjonni qoʻllariga oldilar. Men shoirning yelkasiga oqlik tashladim. U kishi:

– Bismillohir rahmonir rohiym. Ilohim shu bola ota-onali, bagʻri butun, umri uzoq, baxtli-saodatli, serfarzand, serdavlat, obroʻ martabali yigit boʻlsin. Vazir boʻlsin, general boʻlsin. Hammasidan odamlarga kerakli boʻlsin, – deb bolamning sochiga duk urdilar. Suyundim. Bu quvonch ota-onam tarbiyasi tufayli shuurimga singigan maʼnaviy boylikni qadrlash edi. Elning hurmatiga sazovor inson bolalarimni duo qilganidan boshim osmonga yetdi.

– Bu yaxshi odat ekan, Gulixon. Bolasining qorin sochini oldirmoqchi boʻlganlar boʻlsa yana olib keling, xoʻpmi? – deb hazillashdilar Erkin aka.

Hovlini samimiy kulgilarimiz tutib ketdi. Gulchehra opa quruq ketmanglar deb turli shirinliklar, xorijdan keltirilgan noyob konfetlar, turfa saqichlar solib berdilar. Shoirning oilasi bilan xayrlashib uyga qaytdik. Keliboq ota-onamga qoʻngʻiroq qildim. Ular Erkin akani uzoq duo qilishdi. Oradan koʻp yillar oʻtdi. Erkin akani turli tadbirlarda koʻrib qolar, u kishi bilan samimiy suhbatlashar edik. Har gal ulugʻ shoir:

– Mening nevaram katta yigit boʻlyaptimi, Gulixon? – deb qoʻyardilar.

–Rahmat ustoz. Nevarangiz yaxshi. Odobli bola boʻldi. Oʻqishini tamomlab, institutga kirsa olib kelaman, duo qilasiz, – derdim suyunib.

Bir narsa har safar koʻnglimni gʻash qilib turadi. Oʻgʻlimiz Behzodjon Iqtisodiyot universiteti qoshidagi akademik litseyni tamomlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga oʻqishga kirdi. Uning oʻqishi harbiy intizomda boʻlganligidan Erkin Vohidovdan yana borib duo olishga imkon boʻlmadi. Imkon boʻlganda esa Erkin aka dunyodan oʻtgan edilar. Afsus...

Guljahon Mardonova

DAVAM.AZ
“Daşkənd Bürosu” (Özbəkistan)


Geri dön