Şrift:
Oʻzbekiston – Turkmaniston: Koʻp asrlik doʻstlik va madaniy aloqalarning yangi bosqichi
29.11.2019 [12:02] - Türk dünyası-Turan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 28-noyabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Qardosh oʻzbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati bir, tili va urf-odatlari oʻxshash. Bu yaqinlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam hamkorlikka asos boʻlmoqda. Alohida taʼkidlash kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida ilk xorijiy tashrifi 2017-yil 6-7-mart kunlari Turkmanistonga boʻlgan edi. Bu bejiz emas. Mazkur tashrif Oʻzbekiston tashqi siyosatida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratishining yorqin dalilidir. Oʻsha muzokaralarning asosiy natijasi oʻlaroq, Oʻzbekiston va Turkmaniston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muzokaralar chogʻida amaliy hamkorlik masalalariga, jumladan, oʻzaro savdoni kengaytirish, mashinasozlik, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Turkmaniston mintaqadagi asosiy savdo sheriklarimizdan biri. Oʻzbekistondan Turkmanistonga qishloq xoʻjaligi texnikasi, meva-sabzavotlar, mineral oʻgʻitlar, qurilish materiallari, kimyo va toʻqimachilik mahsulotlari, turli sohadagi xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan yurtimizga neft va neft mahsulotlari, mexanik uskunalar, propilen polimerlari, boshqa kimyoviy tovarlar keltiriladi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshmoqda. Jumladan, 2018-yilda 302 million dollardan oshgan boʻlsa, 2019-yil yanvar-oktyabr oylarida bu koʻrsatkich 429 million dollarni tashkil etdi.
Oʻzbekiston – Turkmaniston hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan yana biri transport sohasidir. Ikki mamlakatning avtomobil va temir yoʻllari orqali oʻzaro savdo yuklari tashilmoqda, uchinchi davlatlar uchun ham tranzit qilinmoqda. Xususan, 2018-yilda temir yoʻl orqali xalqaro yuk tashish hajmi 23,7 foiz oshgan edi. Joriy yilning 9 oyida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yana 37 foizga oʻsdi. Avtomobil orqali tashishda ham ijobiy surʼatlarni koʻrish mumkin. 2018-yilda bu borada 3,5-marta oshish kuzatilgan edi. Joriy yilning 9 oyida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,8-marta oʻsdi.
Muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston rahbarining kitoblari – ilmiy asarlari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Ushbu kitoblar mamlakatimiz ilmiy-akademik doiralari va ijodiy jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotganini taʼkidlash lozim. Mazkur tashrif arafasida Gurbanguli Berdimuhamedovning qator kitoblari – “Baxtli hayot sogʻliqdan boshlanar”, “Madaniyat – xalqning bebaho xazinasi”, “Barhayot afsona”, “Choy – shifo va ruhiy quvvat manbai” nomli kitoblari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan edi. Ularda muallifning salomatlik, turkman xalqi madaniyati va urf-odatlari, turkman gilamchiligi, choy ichish anʼanalari haqidagi fikrlari, iqtiboslari jamlangan, mavzuga oid fotosuratlar bilan boyitilgan.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu qaror Turkmaniston Prezidentining ilm-fan sohalarini rivojlantirish, qardosh oʻzbek va turkman xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlariga ulkan hurmat ifodasi ekanini taʼkidladi. Turkmaniston Prezidentining ajdodlar maʼnaviy merosi va fundamental ilmiy izlanishlarga asoslangan koʻp sonli ilmiy asarlari bugungi fan, madaniyat va sanʼat rivojiga munosib hissa qoʻshdi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, oʻz navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, bu Turkmanistonga hurmat-ehtirom ifodasi, mamlakatning fan va taʼlim sohalaridagi yutuqlari eʼtirofi, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik mustahkamligidan dalolat ekanini taʼkidladi.
Bularning barchasi Oʻzbekiston va Turkmaniston davlatlararo konstruktiv siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida qatʼiy ekanini tasdiqlaydi.
Tadbirda ilm-fan va madaniyat namoyandalari, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari soʻzga chiqib, Turkmaniston Prezidentini yuksak unvon bilan tabrikladi. Marosimda ikki mamlakatning rasmiy delegatsiyalari aʼzolari, akademik doiralari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

DAVAM.AZ
“Daşkənd Bürosu” (Özbəkistan)
Bu xəbər oxucular tərəfindən 546 dəfə izlənilmişdir!
Google Yahoo Facebook Twitter
Del.icio.us Digg StumbleUpon FriendFeed