Şrift:
“Bahor“ yana qaytadi
06.02.2020 [11:20] - Türk dünyası-Turan
Bir paytlar mashhur “Bahor“ ansamblining raqslarini xalqimiz sevib tomosha qilardi. Bolalikning eng yorqin va samimiy xotiralari sirasida ongimga muhrlangan mazkur jamoaning raqslari o‘zgacha nafosati, jozibasi, go‘zalligi bilan barchani maftun etgani hech kimga sir emas. “Bahor“ning shonu shuhrati katta avlod vakillarining hamon yodida saqlanib qolgan. Davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan bir emas, ikki qarori milliy raqs san’atimizning ravnaqiga daxldor ekani bilan mamlakatimiz madaniy hayotida katta voqelik bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. “Raqs san’ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi hamda “Milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarorlar o‘zbek san’ati rivojida yangi sahifa ochib berishi yo‘lidagi amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir. Manbalarga ko‘ra, O‘zbekistonimiz hududidagi raqs san’ati juda qadimiy ildizlarga asoslangan bo‘lib, o‘zida xalq og‘zaki ijodiyoti, musiqa, qo‘shiq va raqslarni mujassam etadi. Tarixdan bizgacha “katta o‘yin“ nomi bilan ma’lum doira usullariga mos harakatlar asosiga qurilgan raqs san’ati va boshqa raqslar yetib kelgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu meros O‘zbekistonning turli hududlarida turli raqs maktablarining paydo bo‘lishi va rivojlanishini yaqqol namoyon etadi. Xorazmda olov bilan raqsga tushiladigan “Otash o‘yin“, Buxoroda ayollarning o‘ziga xos jo‘shqin tarzda ijro etilgan raqslari, Samarqand viloyatining tog‘li tumanlarida erkaklarning qarsak bilan ijro etiladigan “Beshqarsak“ raqslari mavjud. Surxondaryoning tog‘li hududlarida yigitlarning ko‘zlarini yarim yumgan holda ko‘rsatkich barmoqlarini osmonga qaratib tushadigan, shu yerlik ayollarning esa chanqovuz jo‘rligida yoki qo‘lda qoshiq tutgancha usul berib tushadigan raqslari ham saqlanib qolgan. Farg‘ona vodiysi ayollarining raqslari esa vazmin harakatlar, sokinlikka moyilligi bilan ahamiyatlidir.
O‘zbek raqs san’atining ustalari va ustozlari sifatida Yusufjon qiziq Shakarjonov (1869-1959), Usta Olim Komilov (1875-1953), Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboeva, Isaxor Oqilov, Galiya Izmaylova, Yelizaveta Petrosova, Qunduz Mirkarimova, Roziya Karimova va boshqa ko‘plab mahoratli raqs ustalari tan olingan. Hozirgi kunda O‘zbekiston hududida 5 ta raqs maktabi – Farg‘ona, Toshkent, Buxoro, Xorazm, Surxon, Qoraqalpoq maktablari mavjud. Milliy raqs san’atimizning boy va betakror an’analarini, ayniqsa, “Bahor“ ansamblining repertuari, raqslarining rang-barangligi, nafosatini yurtimizga tashrif buyurayotgan san’atkorlar, badiiy jamoalar, balet va xoreografiya, raqs san’ati ustalari, taniqli rejissyorlar, musiqa darg‘alari ko‘p bora e’tirof etgan. Yana shuni ham alohida ta’kidlamoq zarurki, o‘zbek milliy raqslari, raqqosalarimizning ijro mahorati, iste’dodi, dunyoning hech bir yerida uchramaydigan nafis, kamalak jiloli, ko‘zni oluvchi liboslari hech bir xalqnikidan aslo kam emas. Yurtimizda doimiy tashkil etiluvchi konsertlar, yirik musiqiy tadbirlar, ko‘plab san’at festivallari, ijodiy tanlovlar milliy raqs san’atimiz iste’dodlarga boy ekanini yana bir karra namoyon etmoqda. Shu bilan birga bu sohada izlanayotgan yoshlarga bo‘lgan ishonch va e’tiborning amaliy namunasidir. “Bahor“ raqs ansamblining qayta tashkil etilishini ustoz san’atkor, mohir pedagog, tengsiz raqqosa Mukarrama Turg‘unboeva boshlab bergan an’analarning qayta tiklanishi, ularning davomi deya atash mumkin. Jahonning ko‘plab mamlakatlarida ijodiy safarda bo‘lib zafar qozongan ushbu ansamblning “Paxta raqsi“, “Qari navo“, “Bayot“, “Katta o‘yin“, “Dilxiroj“, “Rohat“, “Yetti go‘zal“, “Terimchi kiz”, “Pilla“, “Tinchlik kabutari“, “Farg‘onacha“, “Xorazmcha“, “Ufori sanam“, “Bahor valsi“, “Gul o‘yin“ kabi ko‘plab raqs kompozitsiyalari muxlislarning hamon qalbida. Ansamblning O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar O‘g‘iloy Muhamedova, Ziyoda Madrahimova kabi ko‘plab raqqosalarining ijro mahorati, yuksak iste’dodi, sahna madaniyati, tomoshabinga hurmati va fidoyiligi, san’at rivoji yo‘lidagi zahmatlari hali hamon ko‘plab yosh ijrochilar uchun betakror mahorat maktabi vazifasini o‘tashi shubhasiz. Yurtboshimizning milliy raqs san’atiga doir qabul qilgan qarorlari barcha yurtdoshlarimiz, san’atimizning oddiy muxlislari, soha fidoyilari, xoreograf va raqs ustalarini g‘oyat quvontirdi. Demak, “Bahor“ yana qaytadi!

DAVAM.AZ
“Daşkənd Bürosu” (Özbəkistan)
Bu xəbər oxucular tərəfindən 664 dəfə izlənilmişdir!
Google Yahoo Facebook Twitter
Del.icio.us Digg StumbleUpon FriendFeed