Şrift:
Sanʼat dargʻasiga ehtirom
05.03.2020 [08:49] - Türk dünyası-Turan
Mannon Uygʻurning favqulodda isteʼdodi nimada edi? Nima uchun oʻzbek teatr dargʻasi oʻziga “Uygʻur“ taxallusini tanladi? Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida atoqli teatr arbobi, sanʼat dargʻasi Mannon Uygʻur ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan xotira kechasida shu haqida batafsil soʻz yuritildi. Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Teatr arboblari uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Kechada soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Teatr arboblari uyushmasi raisi, xalq artisti Yoqub Ahmedov,Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Joʻra Mahmudov va boshqalar mamlakatimizda adolat ustuvorligini taʼminlashga oid ezgu saʼy-harakatlar milliy sanʼat sohasida ham muhim oʻrin egallayotganini taʼkidladi.
Kechada taʼkidlanganidek, Toshkentning Zanjirli mahallasidagi oʻzbek xonadonida tavallud topgan Abdumannon Majidov Qodiriy, Choʻlpon kabi maʼrifatparvar bobolarimizga zamondosh, maslakdosh boʻlgan. Eski oʻzbek tiliga oid manbalarni oʻrgangan tadqiqotchilar “uygʻur“ soʻzi “uygʻotmoq“ maʼnosini ham anglatishini aniqlaganlar. Demakki, teatr sanʼatimiz dargʻasining “Uygʻur“ taxallusini tanlashi ham bejiz boʻlmagan. Zero, Mannon Uygʻur millatni uygʻotishni, unga ziyo ulashishni oʻzining chin ijodkorlik burchi deb bilgan. Taqdiri gʻoyat murakkab kechgan Mannon Uygʻur yurtimizda milliy drama, musiqali drama, yosh tomoshabinlar teatri jamoalarining shakllanishiga mehnati singgan. Ayni paytda u drama toʻgaraklari tashkil etish, isteʼdodlarni aniqlash, yuzdan ortiq spektakllar sahnalashtirishda, sanʼat yoʻnalishidagi oliy taʼlim dargohini tashkil etishda jonbozlik koʻrsatgan. U sahnalashtirgan “Alisher Navoiy“, “Jaloliddin Manguberdi“, “Otello“, “Muqanna“, “Hamlet“ kabi spektakllarda milliy teatrlarimizning eng yaxshi anʼanalari mujassam. Garchi Mannon ogʻani koʻrmagan boʻlsam-da, oʻzimni baxtli inson deb bilaman, — dedi Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev. — Ular otamga ustozlik qilganlar. Men esa Mannon Uygʻurning oʻgʻli Qoʻrqmas aka bilan koʻp marta hamsuhbat boʻlganman. Mannon ogʻa har bir spektaklga puxta yondashishini, xususan, “Jaloliddin Manguberdi“ asarini sahnalashtirishda Xorazm qoʻshiqchilik sanʼatini puxta oʻrgangani, oʻzlashtirgani maʼlum. Bu kunlarni oilamiz uzoq yillar orziqib kutgandi, — dedi M.Uygʻurning kelini Saodat Aslonova. — Umr yoʻldoshim ham shunday kunlarni koʻrmasdan bu dunyoni tark etdi. Milliy sanʼatimiz fidoyisiga koʻrsatilayotgan bunday yuksak eʼtibordan gʻoyat mamnunmiz. Kechada milliy teatrimiz dargʻasi haqida hujjatli film namoyish etildi. Uning murakkab va sinovli hayot yoʻli, faoliyati, ijodi haqida soʻz yuritildi. Sanʼat ustalarining konsert dasturi namoyish etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi. Xotira kechasi gʻoyat samimiy, fayzli ruhda oʻtdi.

DAVAM.AZ
“Daşkənd Bürosu” (Özbəkistan)
Bu xəbər oxucular tərəfindən 526 dəfə izlənilmişdir!
Google Yahoo Facebook Twitter
Del.icio.us Digg StumbleUpon FriendFeed